Kontent qismiga oʻtish

Kartoshka

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Kenja oila: Petota

Kartoshka (lotincha: Solánum tuberósum) — Ildizmevali, bir yillik sabzavot oʻsimliklaridan biri va uning ildizida yetishadigan, ovqat uchun ishlatiladigan hosili[1]; Solanaceae (茄科, qié kē) oilasiga mansub tuganak mevali koʻp yillik oʻtsimon oʻsimlik; asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan biri boʻlgan bir yillik oziq-ovqat, texnika va xashaki ekin.

Vatani — Janubiy Amerika. 150 ga yaqin yovvoyi va madaniy turlari aksariyat Janubiy va Markaziy Amerikada oʻsadi. Dehqonchilikda 2 turi and kartoshkasi (S.andigenum) va chili kartoshka yoki yevropa kartoshkasi (S.tuberosum) bir yillik ekin sifatida ekiladi. Kartoshkani Amerikaning tubjoy aholisi bundan taxminan 14 ming yil ilgari ekib kelgan. Yevropaga 1565-yil keltirilgan. Rossiyada 18-asr boshlarida ekila boshlagan. Oʻzbekistonga esa 19-asrning 70-yillaridan bu yerga koʻchib kelgan ruslar va tatarlar olib kelishgan. Jahon boʻyicha kartoshka ekilgan umumiy maydoni 17,9 million ga, hosildorlik 16,3 t/ga, yalpi hosil 294,3 million t (1999). Oʻzbekistonda ekin maydoni 52 ming ga, hosildorlik 12,7 t/ga, yalpi hosil 729,8 ming t (2000). Xitoy (3 millionga), Polsha (1,2 millionga)da koʻp ekiladi.

Kartoshka oziq-ovqat va yem-xashak sifatida, shuningdek, kraxmal, spirt, gyukoza, dekstrin va boshqa mahsulotlar olishda xom ashyo sifatida ishlatiladi. Kartoshka tuganagi tarkibida 75-80% suv, 23.7% quruq modda, shu jumladan, 17.5% kraxmal, 1-2% oqsil, 0.5% qand moddasi, 1% mineral tuzlar, shuningdek V, V2, V6, S, RR, D vitaminlari va provitamin A (karotin), poʻstida esa zaharli modda — solonin bor. Kartoshka kishilarning oziq-ovqat ratsionida muhim oʻrinda turadi. Fiziologik tavsiya normalariga koʻra, bir kishi uchun yillik kartoshka isteʼmoli miqdori 45 kg ni tashkil etadi.

Kartoshka namsevar (ayniqsa, gullash va tuganak tugish davrida), yorugʻsevar, bir qadar sovuqqa chidamli oʻsimlik. Tuproqda tuganakdagi kurtaklari 5-8° da una boshlaydi. Tuganaklari va urugʻidan koʻpayadi. Meristema usuli bilan virussiz urugʻlik olish texnologiyasi ishlab chiqilgan.

Kartoshka oʻsimligi boʻyi 50-80 sm, 3-6 poyali. Poyasining yer ostki qismida yer osti novdalar — stolonlarda tuganaklar — kartoshka paydo boʻladi. Kartoshkasi oqdan to qizil tusgacha va turli shaklda boʻlib, sirtidagi chuqurcha — koʻzchalaridan kelgusi yil yangi poyalar oʻsib chiqadi. Ildizi popuk ildiz tipida. Barglari juft patsimon bulingan, sargʻish-yashildan toʻq yashilgacha. Guli 2 jinsli, oq, och binafsha tusda, 2-3 tadan, baʼzan 4 tadan joylashgan. Oʻzidan, goho chetdan changlanadi. Oʻzbekiston sharoitida kartoshkaning koʻp navlari gʻunchalari toʻkilib, gullamaydi. Mevasi 2 chanoqli, koʻp urugʻli, sersuv rezavor.

Vegetatsiya davri 60-50 kun. Kartoshka pishib yetilish muddatlariga qarab tezpishar (maysalashidan yetilishiga qadar 60-65 kun), oʻrtacha tezpishar (70-80 kun), oʻrtacha kechpishar (PO-120 kun), kechpishar (130-150) navlarga boʻlinadi. Tuganagini va urugʻini ekib koʻpaytiriladi. Qora yoki qumloq tuproqli yerlarda moʻl hosil beradi. Kartoshka sabzavot almashlab ekish tizimida karam, bodring, poliz va dukkakli don ekinlardan boʻshagan yerlarda yetishtiriladi. Ertagi kartoshka yetishtirishda urugʻlik 20-40 kun yarovizatsiya qilinadi (maxsus yorugʻ xonada nish chiqarishi taʼminlanadi). Kartoshka ekiladigan yerning gektariga 60-150 kg azot (oziq modda hisobida), 100-200 kg fosfor va 30-60 kg kaliyli mineral oʻgʻit, 15-20 t goʻng solinadi, chuqur haydaladi. Ekish uchun, asosan, oʻrtacha kattalikdagi (50-80 g) kartoshka ajratiladi. Qator oralarini 60, 70, 90 sm, qatordagi tup oraligʻini 25, 30 yoki 35 sm qilib 8-12 sm chuqurlikda ekiladi. Ekish normasi gektariga 2,5-4 t. Intensiv texnologiyada oʻrtacha hosildorlik 42-44 t/ga ni tashkil qiladi.

Oʻzbekiston sharoitida faqat oziq-ovqat maqsadlarida yetishtiriladi. Ertagi kartoshka fevral oxiri va mart oyi oraligʻida, janubiy viloyatlarda hatto kech kuzda (oktabr-noyabrda), kechkisi may oxiri va iyun oraligʻida ekiladi. Kartoshka qator oralari oʻsuv davri davomida bir necha marta yumshatiladi, 500-800 m2/ga normada ertagisi har 7-10 kunda (7-8 marta), kechkisi har 8-10 kunda (10-15 marta) sugʻoriladi, oziqlantiriladi.

Oʻzbekistonda ekiladigan asosiy navlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Aqrab — Oʻzbekiston sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tekshirish institutida chiqarilgan va respublikada 1996-yildan rayonlashtirilgan. Oʻrtacha kechpishar, poʻsti kizil, eti oq, koʻzchalari chuqurroq, yumaloq, oʻrtacha vazni 100-130g;
  • Zarafshon — Samarqand qishloq xoʻjaligi institutida yaratilgan va respublikada 1985-yildan rayonlashtirilgan, tezpishar, serhosil, kam kraxmalli nav. Choʻziq-oval shaklda, poʻsti och-sargʻish, silliq, serkoʻz;
  • Toʻyimli — Oʻzbekiston sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tekshirish institutida yaratilgan, respublikada 1995-yildan rayonlashtirilgan. Oʻrtacha kechpishar, issiqqa chidamli nav. Tugunaklari oq, yumaloq, eti oq, koʻzchalari chuqurroq, ogʻirligi oʻrtacha 110-130g;
  • Umid — Oʻzbekiston sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tekshirish institutida yaratilgan, 2001-yildan rayonlashtirilgan, oʻrtacha tezpishar, ertagi va kechki muddatlarda yetishtirishga yarokli, tuganagi shakli choʻziq-oval, eti sariq.

Rossiyada chiqarilgan navlardan

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Sedov — ertapishar, serhosil, yumaloq, yirik, oq, yaxshi saqlanadi, aynimaydi;
  • Lorx — oʻrtapishar, serhosil, tuganaklari yirik, dumaloq-oval, rangi oq, serkraxmal;
  • Falenskiy — oʻrtapishar, eti sargʻish-oq, kam koʻzli, tuganaklari oq, choʻziq oval shaklda;
  • Diamant — Gollandiyada 1998-yildan boshlab chiqarilgan navlardan. Oʻrtacha kechpishar, tuganaklari tekis, sargʻish, mazali;
  • Kondor — tezpishar, rangi qizil, poʻsti silliq, serkoʻz;
  • Kardinal — oʻrtacha kechpishar, rangi qizil, poʻsti silliq, serkuzva boshqa ekiladi.
  • Soʻlish kasalligi — kasallangan oʻsimlik soʻliydi, keyinroq qurib qoladi. Oʻsimlik poyasi kesib qaralganda zararlangan nay toʻqimalari qoʻngʻir tusda boʻladi. Kasallik issiq kunlarda koʻproq tarqaladi;
  • Makrosporioz — barglarida qoʻngʻir toʻgarak dogʻlar paydo boʻladi. Keyinchalik kattalashib, bargni butunlay qoplab oladi, bunday barglar quriydi. Kasallik oʻsimlik poyasiga ham oʻtib, ulardan choʻziq qoʻngʻir dogʻlar hosil qiladi;
  • Qora chirish — poya hamda pastki barglar sargʻayadi, yuqoridagilari qayiqcha shaklida buraladi. Keyinchalik poyaning ostki qismi qorayadi, ingichkalashadi, kartoshka hosil boʻlmaydi;
  • Halqasimon chirish — kasallikning boshlanishida kartoshka palagi soʻliydi, tuganagi chiriydi (kesilganda qoʻngʻir halqasimon chirish koʻrinadi). Kartoshkaning aynishi, gotika, mayda barglilik, barglarning buralishi kabi kasalliklar ham kartoshkaning normal oʻsishi, rivojlanishi va hosiliga jiddiy zarar yetkazadi.

Zararkunandalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston sharoitida kartoshka, koʻpincha, Kolorado qoʻngʻizi, shira (oʻsimlik biti), kuzgi tunlam, kartoshka nematodasi, qoʻngʻir kana, chirildoqlar (sikada), simqurt va buzoqboshilardan shikastlanadi.

Kurash choralari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kolorado qoʻngʻiziga qarshi quyidagi preparatlardan biri 500-600 l/ga suvda aralashtirib purkaladi: detsis-0,5 l/ga, karate-0,35 l/ga, sumi alfa-0,5 l/ga, benzofosfat (fozalon)-2,0 kg/ga, regent-20—25 kg/ga, nurel D-0,7 l/ga. Kuzgi tunlamga qarshi ekishda urugʻlikka, vegetatsiya davrida oʻsimliklarga 0,2-0,5 l/ga detsis, 0,03% li nurel, 1% li dendrobatsillin eritmasi purkalanadi. Oʻsimlik biti (shira)ga va chirildoq (sikada)larga qarshi BI-58—1,0—1,5 l/ga, nurel 0,7—0,8 l/ga, tolstar-0,8 l/ga; sumqurt va buzoqboshilarga qarshi zaharlangan xoʻraklar ishlatiladi. Nematodaga qarshi kuzda yoki ekishdan 30 kun oldin gektariga 800-1000 kg dan 20 % li nemagon yoki tiazin, geterofos, karbiation sochilib, tuproqning 15—20 sm li qatlamiga aralashtiriladi.

Kasalliklarning oldini olish choralariga almashlab ekishni toʻgʻri tashkil qilish, yuqori agrotexnika va kaliy oʻgʻitlaridan foydalanish, ekin qoldiqlarini va kasallangan oʻsimliklarni yoʻqotish, urugʻlarni tanlash tadbirlari kiradi. Bulardan tashqari, makrosporiozga qarshi oʻsimliklarga 1% li bordo suyuqligi, 0,3-0,5% li mis xlor oksidi eritmasi va 0,5% li sineb suspenziyasi purkaladi. Chetdan keltirilgan urugʻlarda baʼzan fitoftoroz uchraydi. Bunga qarshi, makrosporiozga qarshi qoʻllanuvchi zaharli preparatlarni ishlatish mumkin.[2]

  • Balashev N.I., Zeman G.O., Sabzovotchilik, T., 1977;
  • Abdukarimov D., Safarov T., Ostonaqulov T., Dala ekinlari seleksiyasi, urugʻchiligi va genetikasi asoslari, T., 1989.
  1. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2023 — 964-bet. ISBN 978-9943-8834-4-4. 
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil