Kontent qismiga oʻtish

Xulq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xulq, xulq-atvor – axloqshunoslik tushunchalaridan biri. Insonning feʼl atvori bilan bogʻliq axloqiy hodisa boʻlib, kishi feʼlining axloqiylik doirasida namoyon boʻlishi tushuniladi. Insonning axloqiylik doirasidagi xatti-harakatlari xulqdan tashqari odob va axloqni oʻz ichiga oladi. Odob inson haqida yoqimli taassurot uygʻotadigan, lekin oila, jamoa, jamiyat va insoniyat hayotida oʻzgarish yasaydigan darajada ahamiyat kasb etmaydigan xatti-harakatlardan iborat boʻlsa, axloq – muayyan jamiyat, zamon, insoniyat tarixi uchun taʼsir eta oladigan turli xatti-harakatlar majmui, insoniy kamolot darajasini belgilovchi maʼnaviy hodisa. Xulq qamrovlilik jihatidan ana shu ikki hodisa oʻrtasidagi xususiyatlarga ega; u odobdan keng, axloqdan tor maʼnoga ega boʻlib, axloq singari jamiyat, zamon, tarix miqyosidagi voqelikka taʼsir koʻrsata olmaydi. Lekin, oila, mehnat jamoasi, mahalla koʻy doirasida sezilarli darajada koʻzga tashlanadi. Axloq oʻzini ezgulik va yovuzlik, adolat, insonparvarlik, fidoyilik singari ijtimoiylashgan tushunchalar va tamoyillarda namoyon qilsa, xulq yaxshilik va yomonlik, burch, joʻmardlik, mehmondoʻstlik kabi tushunchalarda aks etadi, odob esa kamtarlik, insoflilik, bosiqlik, halollik, rostgoʻylik va boshqa axloqiy meʼyorlarda ifodalanadi. Sharq falsafasi va axloq ilmida mazkur uch axloqiy hodisa, juda qatʼiy chegaralangan boʻlmasada, bir-biridan farqli tarzda olib qaralgan. Yevropada esa xulq bilan axloq koʻp hollarda aynanlashtiriladi yoki ular bir-biriga sinonim tushunchalar sifatida talqin etiladi.

Xulq oʻzicha, „sof“ olinganda mavhum axloqiy hodisa, u inson xatti-harakatlarida aniqlik kasb etadi; ijobiy xatti-harakatlarda namoyon boʻlishi – xushxulqlilik, salbiy amallardagi koʻrinishi – badxulqlilik deb ataladi. Xushxulq inson muloyim, shirinsuxan, oqkoʻngil, mexribonlik bilan munosabatda boʻlsa, badxulq odam qoʻpol, bemehr boʻladi.