Poya
Poya (caulis) – oʻsimlikning shox, barg va gullari joylashgan asosiy oʻqi. Boʻgʻim (barg oʻrni) va boʻgʻim oraliqlaridan iborat. Poya ildiz bilan barglar orasida moddalar harakatini taʼminlaydi. Baʼzi oʻsimliklarning poyasi metamorfozlashgan (shakli oʻzgargan) boʻlib, suv va oziq moddalarni toʻplash (kartoshka), himoya (doʻlana va yantoklarning tikanlari), ilashish (tok va oshkrvoklarning jingalagi), vegetativ koʻpayish (ajriq, qulupnay poyalari) vazifalarini bajaradi. Bir yillik va koʻp yillik, yer ustki va yer ostki, yogʻochlashgan va yogʻochlanmagan poyalar bor. Poyalar silindrsimon, koʻp qirrali, yassi, gʻadir-budur yoki silliq boʻladi. Asosan, uchidagi oʻsish konusi hujayralarining boʻlinishidan poya boʻyiga oʻsadi; baʼzi oʻsimliklar (masalan, gʻalladoshlar) poyasi boʻgʻim oraligʻining uzayishidan ham usadi. Poyaning boʻyi, yoʻgʻonligi turlicha boʻladi. Yoʻsinlar poyasining uzunligi bir necha sm, diametri bir necha mm, sekvoyyalar poyasining uzunligi 150 m, diametri 10-12 m. Lianalar poyasi 200-300 m keladi. Poyaning anatomik tuzilishi sistematik guruxlariga koʻra, sodda yoki murakkab boʻladi. Masalan tuban yoʻsinlar poyasi faqat bir xil parenxima hujayralaridan, poyabargli yusinlarda esa qobiq va suv oʻtkazuvchi toʻqimadan, plaunlar poyasi ksilema va floemadan iborat oʻtkazuvchi toʻqimadan tuzilgan. Qirqboʻgʻimlar poyasining ichi gʻovak boʻlib, oʻtkazuvchi toʻqimalar aylana joylashadi. Qirqquloqlar poyasining markazi narvonsimon joylashgan traxeidalardan tuzilgan ksilema elementlaridan iborat; uni floema pardasi oʻrab turadi. Bundan tashqarida bir necha qavat hujayralardan tuzilgan peritsikl joylashgan. Mana shu markaziy silindr birlamchi qobiq, tashqi tomondan epidermis bilan oʻralgan. Birlamchi qobiqning eng ichki-peritsikl bilan chegaradosh qavati endoderma deb ataladi. Urugʻli oʻsimliklar poyasining poʻstlogʻi ostida parenxima hujayralaridan iborat birlamchi qobiq boʻlib, uning endodermasi markaziy silindrni oʻrab turuvchi peritsikl bilan chegaralanadi. Poyaning dastlabki rivojlanish bosqichida peritsikl ostida yupqa pardali uzunchoq hujayralardan iborat hosil qiluvchi toʻqima-prokambiy vujudga keladi. Prokambiy hujayralarining boʻlinishi natijasida birlamchi ksilema va birlamchi floema hosil boʻladi. Ikki pallali va ochiq urugʻli oʻsimliklarda esa birlamchi ksilema va birlamchi floemadan tashqari ikkilamchi hosil qiluvchi toʻqima-kambiy ham vujudga keladi. Koʻpchilik bir pallali oʻsimliklar poyasining markaziy qismi parenxima hujayralaridan tuzilgan boʻlib, ularning orasidan oʻtkazuvchi nay – tolalar tutami oʻtadi. Bir pallali oʻsimliklar poyasida kambiy hosil boʻlmagani uchun yoʻgʻonlashuv xususiyatiga ega emas. Aloe, yukka, dratsena kabi ayrim bir pallali oʻsimliklarning poyasi faqat peritsiklda vujudga keladigan ikkilamchi hosil qiluvchi toʻqima hisobiga yoʻgonlashadi. Yer ostida joylashadigan bargi reduksiyalangan poya odatda, ildizpoya deyiladi[1].