Kontent qismiga oʻtish

Ishsizlik

Vikipediya, erkin ensiklopediya
MRBning dunyodagi ishsizlik darajasi maʼlumoti (2006)

Ishsizlik — bir qism iqtisodiy faol aholining oʻziga loyiq ish topa olmasdan qolishi va mehnat zaxirasiga aylanishi. Oʻzbekistonda Ishsizlik tushunchasi rasman 1992-yil "Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida"gi qonunining qabul qilinishi bilan meʼyoriy kuchga ega boʻldi (1998-yil 1 mayda ushbu qonunning yangi tahriri qabul qilindi).

Ishsizlik inson manfaatlariga toʻgʻridan toʻgʻri taʼsir qiladigan yirik ijtimoiy-iqtisodiy muammolardan biri hisoblanadi. Ish joyini yoʻqotish koʻp kishilar uchun oilaviy turmush darajasining pasayishini, shaxsiy hayotining notinchligini keltirib chiqaradi, kishiga jiddiy ruhiy taʼsir koʻrsatadi.

Amaldagi iqtisodiy hayotda Ishsizlik ish kuchi taklifining unga boʻlgan talabdan oshib ketishi tarzida namoyon boʻladi. Ishsizlik sababi turlicha: texnika rivojlanish bilan mehnat unumdorligi ortadi, i.ch. kam mehnat talab boʻlib qoladi. Iqtisodiyotda jami talab va taklif muvozanati buziladi, tovarlarga bozor talabining qisqarishi ish kuchiga talabni ham qisqartirib yuboradi, natijada ish kuchining bir qismi ortiqcha boʻlib qoladi; iqtisodiyot rivojlanishi bilann malakali ish kuchiga talab oshib, malakasizlar kerak boʻlmay qoladi; aholi ishchilarga nisbatan tez oʻsgan kezlarda, uning bir qismi ortiqcha bulib, ishsiz qoladi.

Ishsizlik sababi har xil boʻlganidek uning shakllari ham turlicha. Ishsizlik ning asosiy shakllari: friksion Ishsizlik —turli sabablarga koʻra (yangi yashash joyiga oʻtish, kasbni oʻzgartirish, bola boqish, yangi ish tanlash) vaqt-vaqti bilan ishsiz qolish. Bu ixtiyoriy ishsizlik hisoblanadi. Tarkibiy Ishsizlik — ishlab chiqarish tuzilmasi oʻzgartirilgan sharoitda eski tarmoqlarda ishlab kelgan kishilarning yangi tarmoqlarga kerak kasbni hali oʻzlashtirmagan kezlarida yuz beradi. Siklli Ishsizlik — iqtisodiy tangliklar bilan bogʻliq boʻlib, ishlab chiqarishning pasayib ketishi natijasida yuzaga keladigan Ishsizlik Bu majburan ishsiz qolishdir. Mavsumiy Ishsizlik — mavsumiy ishda band boʻlganlarning mavsum tugagach, ishsiz qolishi. Yashirin Ishsizlik — rasman ish bilan band boʻlganlarning faqat qisman ishlashi. Unga qisqartirilgan ish kuni yoki ish haftasiga oʻtganlar, ish yoʻqligidan haqberilmaydigan taʼtilga chiqqanlar kiradi.

Ishsizlar ishlayotganlar bilan bir qatorda mamlakat ish kuchini tashkil qiladi. Iqtisodiyotda Ishsizlik muammosini oʻrganishdan asosiy maqsad aholining ish bilan bandligini yaxshilash orqali mamlakat (korxonalar) i.ch. ni kengaytirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga aloqador tadbirlar ishlab chiqishdan iboratdir.

Ishsizlar safiga, odatda, nafaqat turli sabablarga koʻra ishdan boʻshatilganlar, balki oʻz ixtiyoriga koʻra ishdan ketganlar va yangi ish topishga harakat qilayotgan shaxslar ham kiritilishini qayd etish lozim. Ishsizliktarki-bi uning sabablariga kura ish kuchining 4 asosiy toifasini oʻz ichiga oladi: ishdan boʻshatilishi natijasida ish joyini yoʻqotganlar; ishdan ixtiyoriy ravishda boʻshaganlar; tanaffusdan soʻng ish qidirayotganlar; birinchi bora ish qidirayotganlar. Bu toifalarning oʻzaro nisbatlari iqtisodiy rivojlanish bosqichlariga bogʻliq.

Mamlakat miqyosida 3—5% darajasidagi Ishsizlik iqtisodiyot uchun normal holat (Ishsizlik ning tabiiy chegarasi) hisoblanadi. Ishsizlik darajasini pasaytirish uchun aholi bandligini taʼminlash davlat dasturlari ishlab chiqiladi, korxonalar qurilib, yangi ish oʻrinlari tashkil etiladi, xodimlarni yangi kasblarga oʻqitish, qayta tayyorlash ishlari amalga oshiriladi, bandlikka yor-dam jamgʻarmasi tashkil qilinadi.

Mehnat qonunlariga koʻra, ishsizlarga mehnat birjalari orqali ishsizlik nafaqasi toʻlanadi.

Ahmadjon Oʻlmasov.[1]

Ishsizlik turlari:

  • Friksion (oraliq) ishsizlik.
  • Siklik ishsizlik. Institutsional ishsizlik.
  • Texnologik ishsizlik.
  • Hududiy ishsizlik.
  • Yashirin ishsizlik.
  • Turg’un ishsizlik.
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil