Grozniy
Grozniy (chechencha: Соьлжа-ГІала) - Rossiya Federatsiyasidagi shahar (1870-yildan), Chechen Respublikasi (Ichkeriya) poytaxti (1944-yildan 1957-yilgacha Grozniy viloyatining markazi). Sunja daryosi (Terek irmogʻi) vodiysida joylashadi. Temir yoʻl stansiyasi. Xalqaro aeroport (Xonqalʼa) bor. Grozniy 1818-yilda Grozniy qalʼasi sifatida barpo etilgan. 19-asr oxirida Beslan — Petrovskport (hoz. Maxachqala) temir yoʻl qurilishi va neft sanoatining vujudga kelishi bilan tez oʻsa boshladi. Grozniy neft qazib olish rnining markazi. Sanoati neftni qayta ishlash, neft kimyosi, kimyo, mashinasozlik (neft jihozlari, tibbiy asboblar va boshqalar), oziq-ovqat (konserva, vino, vino-konyak, sut-yogʻ, pivo zavodlari, goʻsht kombinati, makaron, konditer fabikalari va boshqalar) va yengil sanoat korxonalari (tikuvchilik va poyabzal fabikalari)dan iborat boʻlgan. 3 oliy oʻquv yurti (shu jumladan universitet), 3 teatr, oʻlkashunoslik, tasviriy sanʼat muzeylari bor. Rossiya armiyasi va ichki qoʻshinlarining Chechenistonda separatizmga barham berish maqsadida 1995 va 2000-yillarda olib borgan harbiy operatsiyalari natijasida Grozniy butunlay vayron qilib tashlandi. Shu bois Grozniy aholisi keskin kamaydi, 2000-yilda taxminan 70 ming kishi (1992-yilda 387,5 ming kishi edi).
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |