16:02 / 07.11.2021
26049

Xudoybergan Devonov - birinchi o‘zbek fotografining boy ijodi va ayanchli qismati

U Xiva xoni saroyidagi ilk fotosuratchi edi. O‘zbek kinosi va fotografiyasi asoschisi bo‘lgan. Josuslikda nohaq ayblanib, Stalin qatag‘oni qurboniga aylangan.

 

Xudoybergan Devonov. Manba: Faet.ru 

Xudoybergan Devonov 1879 yilda Xivada, badavlat oilada tug‘ilgan. Otasi Nurmuhammad devon (mirza) Xiva xonining Xo‘jaylidagi mulklari boshqaruvchisi bo‘lgan. 

Xudoybergan Xivadagi madrasada savodini chiqargan, arab tilini o‘rgangan. Adabiyot bilan oshno bo‘lib, she'rlar yozib turgan. Soatsozga shogirdlikka tushgan. Ko‘plab musiqa asboblarini chalishni bilgan. Bog‘dorchilikka qiziqib, bog‘ida atirgullarning 40ga yaqin navlarini o‘stirgan. Ammo uning taqdiriga fotografiya va kinematografiya sohasida nom qozonish yozilgan edi.

Xudoybergan Devonov va Vilhelm Penner (Xivadagi mennonit nemislar muzeyi)

Xudoybergan hayotida tub burilish yasagan voqea – Xiva yaqinidagi Oqmachit qishlog‘ida yashaydigan mennonit nemislar jamoasi vakili Vilhelm Penner bilan uchrashuv bo‘lgan.

Mennonit nemislar (yoki Menno Simmons muridlari) 1882 yilda Xiva xoni Said Muhammad Rahimxon II taklifi bilan Rossiyadan ko‘chib kelishgan. Ular an'anaviy nasroniylikdan farq qiladigan diniy e'tiqodi tufayli Niderlandiya, Germaniya va Polshada siquvga olingan va yashash joyini tashlab, ko‘chib ketishga majbur bo‘lishgan. 1884 yilda Xiva yaqinidagi Oqmachit qishlog‘ida mennonit nemislarining 40 oiladan iborat jamoasi qo‘nim topgan.

Mennonit nemislari orasida xivaliklar uchun yangilik bo‘lgan ko‘plab zamonaviy kasb egalari bor edi. Fotografiya bilan shug‘ullanuvchi Vilhelm Penner shulardan biri bo‘lgan. U yosh, qiziqqon xorazmlik yigitni mahalliy aholi uchun g‘aroyib bo‘lgan kasbga qiziqtirgan. Xudoyberganning dastlab fotografiya, keyinchalik kinematografiya bilan bir umrga oshno bo‘lib qolishiga sababchi bo‘lgan.

Xiva xoni Said Muhammad Rahimxon II vazirlari bilan (X.Devonov fotosurati). Manba: faet.ru

Ortodoksal islom jamiyatida, inson va tirik jonzotlar suratini tasvirlashga asrlar davomida taqiq qo‘yilgan sharoitda yigitcha qanday qilib Xiva xonligining ilk fotosuratchisi, keyinchalik kinooperatori bo‘lganini tasavvur qilish qiyin.

Albatta bunda Xiva xoni, ma'rifatparvar Muhammad Rahimxon II Feruzning homiyligi asosiy rol o‘ynagan. Uning o‘limidan keyin esa taraqqiyparvar g‘oyalari va ishlari bilan mashhur bo‘lgan bosh vazir Islomxo‘ja yosh fotosuratchini o‘z himoyasiga olgan. Aynan uning tashabbusi bilan Xivada ilk shifoxona, ilk paxta tozalash zavodi qurilgan, pochta, telegraf, dorixona ochilgan edi. Uning mablag‘lariga dastlabki dunyoviy maktab qurilgan. U yerda matematika, fizika, ximiya va boshqa gumanitar fanlardan dars berilgan. Shuningdek, Islomxo‘ja o‘z devonxonasi kotibi Xudoybergan Devonovning fotosuratchilik sohasidagi ilk ishlari, tajribasini qo‘llab-quvvatlagan.

1908 yilda Islomxo‘ja va uning a'yonlari Sankt-Peterburg shahriga yo‘l olishadi. Xivaliklar delegatsiyasi tarkibida Xudoybergan ham bo‘lgan va bu tasodif emasdi. Yosh fotosuratchi Rossiya poytaxtida ikki oy qolib ketadi. Shuningdek, Moskvada fotografiya va kinematografiya sirlarini chuqur o‘rganadi. Kinokamera, foto va kinotasmalar zaxirasini sotib oladi.

Xudoybergan o‘z tarjimayi holida mazkur safar natijalari to‘g‘risida shunday yozadi: «1908 yilda Maskovga borib, Pyotr Yahum degan boydan kinoapparat sotib oldim. Bir oy uning xususiy laboratoriyasida pul to‘lab o‘rgandim. Kino o‘ynataturgan apparat va materiallarni sotib olib, Xivaga keltirdim».

Vatanga qaytgach u Markaziy Osiyodagi birinchi foto-kinolaboratoriyani tashkil etadi. Zudlik bilan suratga olish ishlarini boshlaydi. Bir vaqtning o‘zida odamlar gavjum joylarda o‘zi olgan lavhalar va xorijdan keltirgan kinotasmalarini namoyish etib, vatandoshlari orasida yangi san'at turi ommalashishiga hissa qo‘shadi. 1908 yilda tom ma'noda o‘zbek kinosi tug‘iladi.

Xiva xonining saroy darvozasidan chiqishi (X.Devonov kinolavhasi)

Xudoybergan Devonov Urganch, Xiva, Toshsoqa, Toshhovuz, Xo‘jayli, To‘rtko‘l singari shahar va tumanlarni kezib, diqqatga sazovor joylarni, aholining dehqonchilik ishlarini tasmalarda muhrlagan. Xiva shahrining me'moriy obidalari, xalq sayillari, dorbozlar va masxarabozlarning tomoshalari, xonlikda yashagan o‘zbek, turkman, qoraqalpoq, qozoq millatiga mansub kishilarning madaniy va maishiy-etnografik hayoti manzaralari uning ijodida bosh mavzulardan biri bo‘lgan.

Ichon-qal'a ko‘chalari (X.Devonov fotosurati). Manba: Xorazmiy.uz

1920 yili Xiva xonligi tugatilib, Xorazm Xalq sovet respublikasi tuziladi. Xudoybergan Devonov yangi davlatning moliya vaziri etib tayinlanadi. Kasbiga oid vazifalarni bajarish chog‘ida u juda ko‘p marta Moskvaga safar qiladi, yangi filmlarni olib keladi. «Sovkino» jamiyatining hududiy muxbiriga aylanadi. Uning kinolavhalari «Soyuzkinojurnal» seriyalarida namoyish etiladi. «Ishchi ayollar», «Sho‘rko‘l», «Ko‘za», «Chig‘ir», «Tuzkon», «Degish ofati», «Xorazm dalalarida», «Paxta karvoni» singari hujjatli film va syujyetlarni suratga olib yuboradi. Uning mehnati natijasi o‘laroq, dunyo xalqlari ko‘p millatli Xorazmning qadimiy, o‘ziga xos madaniyati bilan tanishadi.

Aravadagi sozandalar (X.Devonov fotosurati)

Afsuski, 30-yillar oxirida avjiga chiqqan Stalinning qatag‘on mashinasi Xudoybergan Devonovni ham chetlab o‘tmadi. 58 yoshli fotosuratchi 1937 yilda hibsga olinib, Yangiyo‘ldagi siyosiy mahkumlar lageriga yuboriladi.

Unga NKVD tomonidan aksilinqilobchi tashkilot rahbarlari Fayzulla Xo‘jayev va Davlat Rizayevning topshirig‘i asosida Angliya razvedkasi foydasiga josuslik qilgani, Xorazmda bosmachilik harakatini tashkil qilgani, bosmachilar yetakchisi Junaidxon bilan shaxsan aloqada bo‘lgani kabi ayblar qo‘yiladi.

1938 yil 5 sentyabrda, atigi 20 daqiqa davom etgan sudda Xudoybergan Devonov O‘zbekiston SSRni SSSRdan ajratib olib, burjua davlatni barpo etish maqsadini qo‘ygan aksilinqilobiy, millatchilik, qo‘zg‘olonchilik, terrorchilik va diversiya-zararkunandachilik tashkiloti bilan aloqa o‘rnatganlikda, tumanma-tuman kezib, ingliz ravedkasi uchun josuslik ma'lumotlarini to‘plaganlikda aybdor deb topilib, oliy jazo – o‘limga mahkum qilinadi. Mol-mulki esa davlat foydasiga musodara qilinadi. Hukm o‘sha kuniyoq ijro etiladi.

Ammo Stalinning o‘limidan keyin qatag‘on qilingan ko‘plab ziyolilar qatori Xudoybergan Devonovning jinoyat ishi ham qayta ko‘rib chiqiladi. Oliy Sud harbiy kollegiyasi 1959 yilda unga nisbatan chiqarilgan hukmni bekor qilib, mutlaqo aybsiz deb topadi va oqlash haqida qaror chiqaradi.

Xudoybergan Devonov o‘quvchilarga fotografiya sirlarini o‘rgatmoqda. Manba: Wikipedia

Qatag‘on davri qurbonlari nomini tilga olishga ruxsat berilgan o‘tgan asrning 60-70-yillaridan boshlab Xudoybergan Devonov hayoti va faoliyati haqida o‘nlab maqola va ocherklar yoziladi. Jumladan, kinoshunos olim, filologiya fanlari doktori Hamidulla Akbarov birinchi o‘zbek fotografi va kinooperatori haqida bir necha maqolalar yozib, hujjatli film suratga olgan. Shuningdek, xorazmlik yozuvchi va jurnalistlar Erkin Madrahimov, Salimjon Hasanov, Komil Nurjonov, Ro‘zimboy Hasan va boshqalar u haqda kitoblar va maqolalar yozishgan.

Sovetlar davrida Urganch shahrida Xudoybergan Devonov nomli kinoteatr barpo etilgan. 2021 yilda uning binosi qayta ta'mirlanib, yangicha qiyofada ochildi.

Xudoyberganov Devonov haqidagi kitob muqovasi. Manba: Islom Karimov fondi

2021 yil yanvar oyida Toshkent Fotosuratlar uyida ilk o‘zbek fotosuratchisi hamda milliy kino asoschisi Xudoybergan Devonovga bag‘ishlangan kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Akademik Naim Karimov tomonidan yozilgan kitob rus va o‘zbek tillarida Islom Karimov fondi tomonidan nashr etildi.

Xudoybergan Devonov o‘zidan boy ijodiy merosni, ko‘plab foto va kinotasmalarni qoldirgan, ularning ko‘pchiligi NKVD tomonidan yo‘q qilingan. Qisman saqlanib qolgan tasmalar esa turli mamlakat muzeylarida, davlat va shaxsiy arxivlarda sochilib yotibdi. Jumladan, «Soyuzkinojurnal» buyurtmasi bilan suratga olingan lavhalar Moskva oblastining Krasnogorsk shahri kinoarxivida saqlanmoqda.

Xudoybergan Devonov faoliyatiga oid ko‘rgazma

O‘zbek fotografiya san'ati asoschisi Xudoybergan Devonovning ishlarisiz Xorazm va O‘zbekistonning tarix solnomasi tugal bo‘lmas edi. Uning nomi o‘zbek foto va kinematografiyasi tarixiga haqli ravishda zarhal harflar bilan bitilgan.

Nurmuhammad Said tayyorladi.

Top