Saidaziz “Medgorodok” Salimboyvochcha tomonidan Toshkentga “smotryashiy” etib tayinlanganidan so‘ng, Saidaziz biznesini “himoya qilish” va qarzlarni undirish tizimini yaratishga kirishgan. Bu esa o‘z navbatida Baxtining keskin noroziligiga sabab bo‘lib, jinoiy olamning ikki guruhi o‘rtasida kelishmovchiliklarning ortib borishiga sabab bo‘ladi. Baxti hamda Saidaziz o‘rtasida tinimsiz to‘qnashuvlar boshlanadi, ikki klan Toshkentni hududlarga bo‘lib, u yoki bu jinoiy guruh tomonidan “nazorat” qilinadi.
Jinoyatchilar poytaxtda “ko‘cha” tartib-qoidalarini kiritishni boshlaydi. Bundan esa birinchi navbatda yirik va o‘rta biznes vakillari, tadbirkorlar aziyat chekishni boshlagan.
DXX hamda IIV rahbarlari bir qator yopiq yig‘ilishlarda ishtirok etganidan so‘ng, holatga chek qo‘yishga qaror qilinadi.
“Humo arena”da o‘tkazilgan Jah Khalib konsertiga biletsiz kirishga urinib, to‘polon keltirib chiqarganlar orasida ikki jinoiy guruhning a’zolari bo‘lgani uchun o‘rtada urush boshlangan. Tartibsizliklar paytida jarohatlanganlar soni ko‘pligi to‘g‘risidagi ma’lumot haqiqat, faqat yaralanganlarning katta qismi jinoiy olam vakillari, ular to‘polon paytida bir-birini pichoqlab, voqea joyidan yashiringan.
Aynan shu kuni yuz bergan voqealar maxsus xizmatlarning mafiyaga qarshi operatsiyani boshlashiga sabab bo‘lgan.
Maxsus xizmatlar O‘zbekistonni jinoiy guruhlardan “tozalash ishlari” tafsilotlari haqida ma’lumot berishda davom etadi. Jinoyatchilarga qarshi misli ko‘rilmagan yirik operatsiyalar Baxti “Tashkentskiy” va Saidaziz “Medgorodok” o‘rtasidagi ziddiyatning keskin tus olishidan so‘ng boshlangan.
Saidaziz Saidaliyev – Medgorodok, Toshkentning Olmazor tumanidan. “Medgorodok” guruhida 30 ga yaqin odamni o‘z ichiga olgan. Uning boshqaruvidagi jinoiy guruh asosan, sportchi yigitlar hamda professional jangchilardan iborat bo‘lgan.
Saidaziz jinoyat olamida “eski format” avtoritet “tankalari” Bay, Kradun, Ziki va Terminatorlarga ishonib ba’zan keskin, ba’zan erkin harakat qilgan. “Kriminal avtoritetlar” esa yosh va qoni qaynoq Saidazizga pul tikib, uni “ko‘tarishni” boshlashadi. Saidaziz “eski format”dagi “kriminal avtoritetlar” ko‘magida juda qisqa vaqt ichida “ko‘tariladi”. “Kriminal avtoritetlar” bunday kuchli jangovar bo‘linma mustaqil harakat qilmasligini tez anglab, yigitlarni har xil “razborkalar”, qarzlarni undirishdagi ishlar hamda “ko‘cha reydlariga” jalb qilishni boshlaydi.
“Medgorodok” jinoyat olamining “kuch ishlatar” bloki uchun javobgar bo‘lgani uchun, o‘zining “sportsmenlari” yordamida “o‘yin qoidalarini” o‘zgartirishga kirishadi. Aynan shu voqealardan so‘ng, yosh Saidaziz va Baxti o‘rtasida ziddiyatlar boshlanadi. Ikki shaxsning jinoiy guruhlari o‘rtasida rostmanasiga urush boshlanib, oqibatda aqlga sig‘mas darajada zo‘ravonliklarga olib keladi.
Maxsus xizmatlarning “tozalash operatsiyasi” davomida O‘zbekistonda qonun ustuvorligini ta’minlash maqsad qilinib, jinoiy guruhlarga chek qo‘yishga qaror qilinadi.
“Medgorodok” jinoyat ishida talonchilik, bezorilik, tovlamachilik va firibgarlik bo‘yicha bir nechta epizod mavjud. Saidazizning jinoiy guruhi a’zolariga nisbatan qo‘yilgan ayblovlarning umumiy qiymati 480 ming dollarga teng. “Sportsmenlar” bu pullarni tadbirkorlardan olgan va “qarzdorlar”dan undirgan.
Maxsus xizmatlarning tezkor harakatlari shu qadar puxta rejalashtirilgan ediki, hatto “Medgorodok”ning shaxsiy “buxgalteri” janob To‘laganov ham qo‘lga olingan. Hisobchining uyi tintuv qilinganda salkam 112 ming dollar pul borligi aniqlangan.
Jinoyat ishi doirasida “Medgorodok” guruhining a’zosi Yakkasaroydagi avtomoykada muntazam ravishda “inomarkasini” tekinga yuvdirib yurgani, moyka egasi undan xizmatlar uchun pul so‘raganda, uni kaltaklashgani haqidagi epizod ham bor.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari